“Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, tarqalishi mumkin bo‘lgan kasalliklar va ularning oldini olish” mavzusida seminar tashkil etildi

Botulizm ovqatdan zaharlanishning og‘ir turi hisoblanadi. Juda og‘ir kechadigan ushbu kasallikning oldini olish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari muntazam ravishda o‘tkaziladi.

 

29 sentyabr kuni tumandagi 38-sonli maktabda “Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar, tarqalishi mumkin bo‘lgan kasalliklar va ularning oldini olish” mavzusida seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Siroj Abduvohidov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi O’ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘lim boshlig‘i Ilhom Boynazarov, tuman FVB hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari mas’ullari qatnashishdi.

 

Seminarda ovqatdan zaharlanish, botulizm va quturish kasalligini keltirib chiqaruvchi sabablar, ulardan saqlanish va oldini olish choralari xususida so‘z yuritildi.

 

Ta’kidlanganidek, asosan qishda aholi tomonidan konservalangan mahsulotlar iste’moli ko‘payishi, hayvonlarning migratsiya jarayoni kuchayishi va urchish jarayoni kechishi fuqarolar salomatligi muhofazasiga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi. Ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir shakli bo‘lgan botulizm kasalligining qo‘zg‘atuvchisi tabiatda keng tarqalgan. Bu mikrob kislorodsiz muhitda, ya’ni konservalangan mahsulotlarda ko‘payadi. Botulizm og‘ir kechishi va o‘lim ko‘rsatkichlari yuqoriligi sababli unga qarshi jiddiy chora ko‘rish talab etiladi. Bu kasallikni emlab yoki antibiotiklar bilan davolab bo‘lmaydi. Shu sababli oldini olish choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratilishi muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Seminar davomida aholi o‘rtasida keyingi paytlarda ovqatdan zaharlanish holatlari haqidagi xabarlar ko‘paygani, tibbiyot xodimlari uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlamaslik haqida ko‘p bora ogohlantirishiga qaramasdan bunday holatlar sodir bo‘lishi kamaymayotgani e’tirof etildi. Botulizmning oldini olish uchun sanitariya talablariga javob beradigan mahsulotlardan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilish lozimligi, har bir oila a’zosi shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishi, ovqat tayyorlaydigan inson mahsulotlarni iste’molga yaroqliligiga ishonch hosil qilgandan so‘ng ishlatishi kerakligini keng aholi qatlamiga yetkazish choralarini ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

 

Ma’lumki, konserva qilinadigan ayrim sabzavot mahsulotlari, ya’ni piyoz, sarimsoqpiyoz, karam, pomidor, bodring, baqlajon, har xil ko‘katlar yerda o‘sgani uchun mikroblar bilan ifloslanadi. Ishlov berish texnologiyasi buzilganda shu mikroblar tayyor mahsulotga o‘tib, unda ko‘paya boshlaydi. Sabzavot va meva konservalari mikroblar o‘sishi uchun qulay sharoit hisoblanadi. Shuning uchun ham bunday ifloslangan mahsulotlarni bilmasdan iste’mol qilish zaharlanishga olib kelishi, ayrim hollarda kuchli zaharlanishdan o‘lim ro‘y berishi ham mumkin.

 

Seminarda ishtirok etgan soha xodimlari ana shunday vaziyatlarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerakligini, aks holda, kasallikning og‘ir shakllari – yurak, qon-tomir va nafas tizimi xastaliklari yuzaga kelishi, buning natijasida bemorning hayoti xavf ostida qolishi, kasallikni uy sharoitida davolash og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aholi o‘rtasida imkon qadar kengroq tushuntirib borish lozimligini ta’kidlashdi. Shuningdek, sog‘lom turmush tarziga, sog‘lom ovqatlanish qoidalariga rioya qilish, botulizm kasalligining oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar haqida tushunchalar berib o‘tishdi. Odamlar va hayvonlar orasida kuz-bahor oylarida uchraydigan yana bir kasallik – quturishning oldini olish borasida ham hamkorlikda harakat qilish, mavjud muammolarni joyida bartaraf qilish, qolaversa, quturish kasalligining alomatlari paydo bo‘lganda, ushbu kasallikning oldini olish choralari to‘g‘risida ham atroflicha so‘z yuritildi.

 

Seminarda ishtirokchilar kuz-qish mavsumida tarqalishi mumkin bo‘lgan kasalliklar va ularning oldini olish choralari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

 

 

A.Utebayev, tuman FVB bo‘linma boshlig‘i