MАNGʼIT DEHQON BOZORIDАGI DOʼKONLАR, BАYRАM YaRMАRKАSIDАGI OZIQ-OVQАT MАHSULOTLАRINING SIFАTI NАZORАT QILINDI

MАNGʼIT DEHQON BOZORIDАGI DOʼKONLАR, BАYRАM YaRMАRKАSIDАGI OZIQ-OVQАT MАHSULOTLАRINING SIFАTI NАZORАT QILINDI

Mamlakatimizda aholiga qulayliklar yaratish maqsadida hukumatimiz tomonidan belgilangan joylarda doimiy yoki vaqtinchalik asosda faoliyat koʼrsatadigan hamda savdo rastalari, savdo oʼrinlari va turgʼun savdo shoxobchalaridan foydalangan holda keng turdagi qishloq xoʼjaligi, oziq-ovqat mahsulotlarining va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarining chakana savdosi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

 

Bozorda savdo qiluvchi xususiy tadbirkorlik subʼektlari, yakka tadbirkorlar zimmasiga sogʼlomligi xususida tibiiy maʼlumotga ega boʼlish shuningdek, oʼz savdo hududini ozoda, sanitariya-gigiena qoidalariga muvofiq tutish, yaroqlilik muddati oʼtgan mahsulotlarni savdoga chiqarmaslik, xaridorlar bilan xushmuomalalik bilan savdo qilish majburiyati yuklangan.

 

Bu qoidalarga rioya etilishi esa tegishli tashkilotlar tomonidan nazorat qilib boriladi. Boisi orastalik boʼlmagan hududda oziq-ovqat, qishloq xoʼjaligi mahsulotlari sotilishi yoxud yaroqlilik muddati oʼtgan mahsulotlarning sotilishi aholi orasida turli ovqatdan zaharlanish holatlarini keltirib chiqishi mumkin.

 

Joriy yilning 27 dekabrida Аmudaryo tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʼlimining bir guruh xodimlari tuman Dehqon bozori hududidagi Yangi yil bayrami munobabati bilan tashkil etilgan oziq-ovqat va qishloq xoʼjaligi mahsulotlari yarmarkasi va bozor hududidagi savdo oʼrinlarida sotilayotgan mahsulotlarning sifatini nazorat qildilar.

 

Qayd etish lozimki, Yangi yil bayrami munosabati bilan aholini xavfsiz va arzon oziq-ovqat, qishloq xoʼjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash uchun tashkil etilgan yarmarka ish boshlaganidan, faoliyati yakunlanguncha ushbu savdo oʼrinlarida, bozor hududida sifatsiz mahsulotlar savdoga chiqarilishining oldini olish uchun tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʼlimi xodimlari har kuni doimiy ravishda nazorat olib borishi belgilangan.

 

Tadbir davomida bozor hududidagi doʼkonlarda va bayram yarmarkasidagi savdo oʼrinlarida sotilayotgan mahsulotlarning sifati, yaroqlilik muddatiga amal qilinishi koʼzdan kechirildi. Ushbu jarayonda sifatsiz, muddati oʼtgan mahsulot sotilishi natijasida uni isteʼmol qilganlar botulizm kasalligiga chalinishi va turli darajada ovqatdan zaharlanishi mumkinligi keng tushuntirildi. Shuningdek, savdo qilayotgan xaridorlarga ham mahsulotni yaroqlilik muddatini oʼqib, sifatli ekanligiga ishonch hosil qilgach, xarid qilish lozimligi targʼib etildi.

 

Hammamiz intiqib kutgan Yangi yil bayrami yaqinlashmoqda. Xalqimiz quvonchli damlarini, bayramlarni yaqinlari, doʼst-birodarlari bilan birga nishonlashga odatlangan. Tashrif buyuruvchilarga dasturxon yozib, borimizni toʼkamiz, totli neʼmatlar qoʼyamiz. Аlbatta, bunday vaqtlarda ovqatdan zaharlanish kabi koʼngilsiz hodisalar sodir boʼlmasligi uchun masʼul tashkilotlar xodimlari xizmatda.

 

Oygul RAJABOVA.